Yoʻqolgan jinoyat ishini yoki uning materiallarini tiklash prokurorning qaroriga koʻra, jinoyat ishi yoxud uning materiallari sudda yoʻqolgan taqdirda esa ijro etish uchun prokurorga yuboriladigan sud ajrimiga koʻra amalga oshiriladi.

Yoʻqolgan jinoyat ishini yoki uning materiallarini tiklash jinoyat ishi hujjatlarining ushbu Kodeksda belgilangan tartibda dalillar deb topilishi mumkin boʻlgan saqlab qolingan koʻchirma nusxalari boʻyicha va protsessual harakatlarni bajarish orqali amalga oshiriladi.

Jinoyat ishi tiklanayotganda surishtiruv, dastlabki tergov ishlarini yuritish, qamoqda saqlash va uy qamogʻi muddatlari ushbu Kodeksning 245, 351 va 381⁷-moddalarida belgilangan tartibda hisoblanadi.

(348¹-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 6-sentabrdagi OʻRQ-442-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 36-son, 943-modda)

Agar yoʻqolgan jinoyat ishi boʻyicha qamoqda saqlashning yoki uy qamogʻining oxirgi muddati tugagan boʻlsa, ayblanuvchi darhol ozod qilinishi kerak.

(348¹-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 4-sentabrdagi OʻRQ-373-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2014-y., 36-son, 452-modda)