Vodoprovod tarmoqlariga (suv taʼminoti tarmoqlariga) oʻzboshimchalik bilan ulanish hamda vodoprovoddan foydalanish qoidalarini boshqacha tarzda buzish, yer ishlari va boshqa ishlarni bajarayotganda vodoprovod tarmoqlarini muhofaza qilish qoidalarini buzish, basharti bu hol ularning shikastlanishiga sabab boʻlsa yoxud sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek bunday hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn besh baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
(163-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 16-avgustdagi OʻRQ-708-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.08.2021-y., 03/21/708/0799-son)
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida qurilgan binolarni vodoprovod (suv taʼminoti) tashkilotlari tomonidan vodoprovod tarmoqlariga (suv taʼminoti tarmoqlariga) ulash, —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravaridan sakson besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
(163-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 16-avgustdagi OʻRQ-708-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.08.2021-y., 03/21/708/0799-son)
Ushbu modda umumiy foydalanishdagi issiqlik yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida oʻzboshimchalik bilan ulanish yoxud sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish orqali oz miqdorda oʻgʻirlash bilan bogʻliq harakatlar sodir etilganda qoʻllanilmaydi.
(163-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 13-martdagi OʻRQ-822-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.03.2023-y., 03/23/822/0143-son — 2023-yil 15-iyundan kuchga kiradi)