Foyda (daromad) yoki boshqa soliq solish obyektlarining hisobini olib bormaslik yoxud bunday hisobni belgilangan tartibni buzgan holda yuritish, agar bu harakatlar toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlarning yoki yigʻimlarning summasini kamaytirishga olib kelsa, shuningdek soliqlarni va yigʻimlarni hisoblab chiqarish hamda toʻlash uchun zarur boʻlgan boshqa hujjatlarni taqdim etmaslik, xuddi shuningdek kameral soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha aniqlangan tafovutlarning asoslarini yoxud aniqlashtirilgan soliq hisobotini belgilangan muddatda taqdim etmaslik, —
bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
Soliq hisobotini oʻz vaqtida taqdim etmaslik (bundan mikrofirma va kichik korxonalar mustasno), —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida, mansabdor shaxslarga esa — oʻn baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
(175-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
Mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan soliq hisobotini oʻz vaqtida taqdim etmaslik, —
bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
(175-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
Kassa operatsiyalarini yuritish tartibini va toʻlov intizomini buzish, shu jumladan qarzdor korxonalardan toʻlovlarni undirish yuzasidan soliq organlarining inkasso topshiriqlarini bajarmaslik, shuningdek pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish navbatini buzish, —
(175-modda uchinchi qismining dispozitsiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 3-avgustdagi OʻRQ-786-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.08.2022-y., 03/22/786/0705-son)
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
Soliq organlarida hisobga qoʻyilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasiz korxonalar va tashkilotlarga hisob-kitob hisobvaraqlarini yoki boshqa hisobvaraqlarni ochish —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Soliqlar va yigʻimlarni toʻlash uchun toʻlov topshiriqnomasini xizmat koʻrsatayotgan bankka soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etmaslik yoki oʻz vaqtida taqdim etmaslik —
bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
Fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish oʻlchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini taʼminlash va soliq organlariga tegishli axborot berish boʻyicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzish —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
(175-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 11-martdagi OʻRQ-758-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 03/22/758/0207-son — 2022-yil 13-iyundan kuchga kiradi)
Ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan huquqbuzarliklar bir kalendar oyda bir nechta soliq turlari boʻyicha sodir etilgan taqdirda, oʻz vaqtida taqdim etilmagan barcha soliq hisobotlari boʻyicha faqat bitta jarima qoʻllaniladi.
(175-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuniga asosan sakkizinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)