Davlat xaridlari rejalarini, shu jumladan reja-jadvallarini shakllantirish va joylashtirish tartibi boʻyicha qonunchilik talablariga rioya etmaslik, shuningdek davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda davlat xaridlarini amalga oshirish chogʻida maxsus axborot portaliga davlat xaridlari boʻyicha eʼlonlar joylashtirish tartibini, majburiy muhokama oʻtkazish tartibi va muddatlarini hamda davlat xaridi natijalarini joylashtirish muddatlarini buzish, —

mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Davlat xaridlari toʻgʻrisidagi eʼlonlarga va xarid hujjatlariga qonunchilikda taqiqlangan hamda raqobatni cheklovchi axborotni, havolalar va talablarni kiritish, xarid hujjatlarini tasdiqlash hamda buyurtmalarni shakllantirish tartiblarini buzish, —

mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Tovarlarni, ishlarni va xizmatlarni yetkazib beruvchilarni tender oʻtkazish yoʻli bilan aniqlash talablarini buzish, shuningdek davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq tovarlarni yetkazib beruvchini, ish bajaruvchini va xizmat koʻrsatuvchini raqobatli xarid usuli vositasida aniqlash belgilangan hollarda, davlat xaridlarini yagona yetkazib beruvchidan yoki toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida amalga oshirish toʻgʻrisida qaror qabul qilish, shuningdek kompleks ekspertizadan oʻtkazilishi lozim boʻlgan davlat xaridlarini amalga oshirish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalarning kompleks ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlamaganlik, —

(175⁸-modda uchinchi qismining dispozitsiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi OʻRQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)

mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Davlat xaridlari jarayonidagi affillanganlik haqida davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda xabar bermaslik, shuningdek davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilmagan hollarda, davlat xaridlari boʻyicha takliflarni qabul qilmaslik yoki takliflarni taqdim etish muddatlarini davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga zid ravishda qisqartirish, shuningdek takliflar solingan konvertlarni ochish va xarid hujjatlariga muvofiq takliflarni baholash talablarini buzish, —

(175⁸-moddaning toʻrtinchi qismining dispozitsiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 5-iyundagi OʻRQ-931-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2024-y., 03/24/931/0402-son — 2024-yil 6-dekabrdan kuchga kiradi)

mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

(175⁸-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 14-yanvardagi OʻRQ-666-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2021-y., 03/21/666/0032-son — 2021-yil 16-apreldan kuchga kiradi)

Davlat xaridi predmetining boshlangʻich narxi va uning oʻrtacha bozor narxi oʻrtasida yoʻl qoʻyiladigan tafovutning eng koʻp miqdoriga nisbatan belgilangan talabni buzish, bundan talon-toroj qilish hollari mustasno, —

mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish, —

mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

(175⁸-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 22-iyundagi OʻRQ-1155-sonli Qonuniga asosan beshinchi va oltinchi qismlar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.06.2026-y., 03/26/1155/0616-son)