Maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli boʻlgan ashyoni yoki maʼmuriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosini musodara qilish mazkur ashyoni haq toʻlamasdan majburiy tarzda davlat mulkiga oʻtkazishdan iborat boʻlib, ushbu chora jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi tomonidan qoʻllaniladi. Huquqbuzarning shaxsiy mulki boʻlmagan ashyo musodara qilinishi mumkin emas, muomaladan chiqarilgan ashyolar bundan mustasno.

(27-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi OʻRQ-665-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/665/0015-son)

Oʻqotar ov qurolini, pnevmatik ov qurolini hamda uning oʻq-dorilarini, boshqa ov qurollarini musodara qilish asosiy tirikchilik manbai ovchilik boʻlgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilishi mumkin emas.

(27-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 31-maydagi OʻRQ-772-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2022-y., 03/22/772/0460-son — 2022-yil 2-sentabrdan kuchga kiradi)

Musodara qilish chorasini qoʻllanish tartibi ushbu Kodeks va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlari bilan belgilab qoʻyiladi.

(27-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)