Muayyan shaxsni unga berilgan maxsus huquqdan (transport vositalarini boshqarish huquqidan, ov qilish huquqidan) mahrum qilish chorasi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi tomonidan uch yilgacha muddatga qoʻllaniladi. Bunday huquqdan mahrum qilish muddati oʻn besh kundan kam boʻlmasligi kerak, bundan ushbu Kodeksning 34¹-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno.

(28-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-fevraldagi OʻRQ-1033-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.02.2025-y., 03/25/1033/0164-son)

Nogironligi sababli transport vositalaridan foydalanadigan shaxslarga nisbatan transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish chorasi qoʻllanilishi mumkin emas, ushbu Kodeks 131-moddasining birinchi qismida, 136-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilgan hollar bundan mustasno.

(28-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-fevraldagi OʻRQ-1033-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.02.2025-y., 03/25/1033/0164-son)

Asosiy tirikchilik manbai ovchilik boʻlgan shaxslarga nisbatan ov qilish huquqidan mahrum etish chorasi qoʻllanilishi mumkin emas.