Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususidagi berilgan shikoyat yoki bildirilgan protestni vakolatli organlar (mansabdor shaxslar), shikoyat va protest tushgan kundan boshlab oʻn kun muddat ichida koʻrib chiqadilar.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida berilgan shikoyat yoki bildirilgan protestni koʻrib chiqish paytida organ (mansabdor shaxs) chiqarilgan qarorning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshiradi.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qaror ustidan shikoyat yoki protest jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi va uning natijalariga koʻra, ushbu Kodeksning 321-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga binoan qaror qabul qilinadi.
(319-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 28-yanvardagi OʻRQ-1022-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2025-y., 03/25/1022/0083-son)
(320-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 29-yanvardagi OʻRQ-463-sonli Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2018-y., 03/18/463/0634-son — 2018-yil 1-apreldan kuchga kiradi)