Sud chiqimlari sud xabarnomalari va sud hujjatlarini yuborish bilan bogʻliq pochta xarajatlaridan, sud tayinlagan ekspertizani oʻtkazish, guvohni chaqirish, dalillarni joyida koʻzdan kechirish, sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlardan, shuningdek ishni koʻrish bilan bogʻliq boshqa xarajatlardan iboratdir.

(113-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 11-oktabrdagi OʻRQ-496-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2018-y., 03/18/496/2043-son)

Pochta xarajatlarining summasi sud tomonidan belgilanadi, biroq bu summa bazaviy hisoblash miqdorining oʻndan bir qismidan oshmasligi kerak va sudning depozit hisobvaragʻiga kiritilishi lozim.

(113-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)

Sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarning summasi sud tomonidan belgilanadi va ishda ishtirok etuvchi shaxslardan ishni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ushbu Kodeksning 115-moddasiga muvofiq undiriladi.