Sudya ishni sud muhokamasiga tayyorlash chogʻida quyidagi harakatlarni ariza (shikoyat) kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay amalga oshiradi:

1) ishda ishtirok etish uchun boshqa javobgarni yoki uchinchi shaxsni jalb etish masalasini koʻrib chiqadi;

2) manfaatdor shaxslarni ishni yuritish toʻgʻrisida xabardor qiladi;

3) ishda ishtirok etuvchi shaxslarni ularning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishga boʻlgan huquqlari haqida xabardor qiladi;

4) ishda ishtirok etuvchi shaxslarga, boshqa tashkilotlarga, ularning mansabdor shaxslariga muayyan harakatlarni amalga oshirishni, shu jumladan nizoni hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlarni taqdim etishni taklif etadi;

5) guvohlarni chaqirtiradi;

6) ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadi;

7) taraflarga zarur dalillarni olishga koʻmaklashadi, taraflarning iltimosnomasi boʻyicha ularni talab qilib oladi;

8) taraflarning iltimosnomasi boʻyicha dastlabki himoya choralarini koʻrish va dalillarni taʼminlash toʻgʻrisidagi masalalarni hal etadi;

9) boshqa shaxslarning ishga kirishishi, ishlarni bitta ish yuritishga birlashtirish yoki arz qilingan talablarini alohida ish yuritishga ajratish, sayyor sud majlisini oʻtkazish toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqadi;

10) ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning protsessual huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi;

11) taraflarni kelishtirish choralarini koʻradi.

(140-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 26-apreldagi OʻRQ-833-sonli Qonuniga asosan 10 va 11-bandlar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2023-y., 03/23/833/0236-son)

Sudya ishning toʻgʻri va oʻz vaqtida hal etilishini taʼminlashga qaratilgan boshqa harakatlarni ham amalga oshiradi.

Dastlabki eshituv oʻtkazilgan hollarda ishni sud muhokamasiga tayyorlash muddati yigirma kundan oshmasligi kerak.

(140-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 14-avgustdagi OʻRQ-1165-sonli Qonuniga asosan uchinchi qismi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2026-y., 03/26/1165/0841-son)