Birinchi instansiya boʻyicha maʼmuriy ishlar (bundan buyon matnda ish deb yuritiladi) tumanlararo maʼmuriy sudida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudida, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudida sudya tomonidan yakka tartibda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida birinchi instansiya boʻyicha ishlar uch nafar sudyadan iborat tarkibda hayʼatda koʻriladi.
Ishni apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida koʻrish uch nafar sudyadan iborat tarkibda hayʼatda amalga oshiriladi.
(17-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-889-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2023-y., 03/23/889/0978-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Ishni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatida taftish tartibida koʻrish hayʼatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosati aʼzolarining koʻpchiligi ishtirokida amalga oshiriladi.
(17-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-889-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2023-y., 03/23/889/0978-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Ish hayʼatda koʻrilayotganda sudyalardan biri sud majlisida raislik qiladi.
Ishni koʻrishda barcha sudyalar teng huquqlardan foydalanadi.
Ushbu Kodeksga binoan sudyaga ishni yakka tartibda koʻrish va ayrim masalalarni hal qilish huquqi berilgan taqdirda, sudya sud nomidan ish koʻradi.
(17-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi OʻRQ-662-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/662/0012-son)