(174-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 14-avgustdagi OʻRQ-1165-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2026-y., 03/26/1165/0841-son)

Ishni koʻrish chogʻida davlat organining yoki boshqa organning, yuridik shaxsning, mansabdor shaxsning yoki fuqaroning faoliyatida qonunchilik hujjatlarining buzilganligi aniqlangan taqdirda, ularning ishda ishtirokidan qatʼi nazar, sud xususiy ajrim chiqarishga haqli.

(174-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Xususiy ajrim bilan sud tegishli organdan yoki mansabdor shaxsdan qonunchilik hujjatlarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi masalani oʻzlarining vakolatiga muvofiq koʻrib chiqishni talab qilishi mumkin.

(174-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Xususiy ajrim tegishli davlat organlariga va boshqa organlarga, yuridik shaxslarga, mansabdor shaxslarga yuboriladi, ular koʻrilgan choralar toʻgʻrisida bir oylik muddatda sudga xabar qilishi shart.

Xususiy ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.

Agar sud nizoni koʻrayotganida shaxslarning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlarini aniqlasa, u jinoyat ishini qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal etish uchun bu haqda tegishli materiallarni ilova qilgan holda prokurorga xabar qiladi.

Ishni koʻrishda mansabdor shaxsning yoki fuqaroning xatti-harakatlarida, ularning ishda ishtirok etishidan qatʼi nazar, maʼmuriy huquqbuzarlik alomatlari aniqlansa, agar ushbu maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish qonunda mazkur sudning vakolatiga kiritilgan boʻlsa, sud ularni maʼmuriy javobgarlikka tortish masalasini koʻrib chiqadi.

Maʼmuriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida sud qaror qabul qiladi.

Qaror ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.

(174-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 14-avgustdagi OʻRQ-1165-sonli Qonuniga asosan oltinchi, yettinchi va sakkizinchi qismlar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2026-y., 03/26/1165/0841-son)