Maʼmuriy organlarning va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining qarorlarini haqiqiy emas, ular mansabdor shaxslarining, harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish toʻgʻrisidagi ariza (shikoyat) ushbu Kodeksning 128-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.

Arizada (shikoyatda) quyidagilar ham koʻrsatilishi kerak:

1) ustidan shikoyat qilinayotgan qarorni qabul qilgan yoki shikoyat qilinayotgan harakatni (harakatsizlikni) sodir etgan maʼmuriy organning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining nomi, mansabdor shaxsning familiyasi, ism-sharifining bosh harflari;

2) ustidan shikoyat qilinayotgan qarorning nomi, raqami, u qabul qilingan sana, ustidan shikoyat qilinayotgan harakatlar (harakatsizlik) sodir etilgan sana va joy;

3) arizachining fikriga koʻra, ustidan shikoyat qilinayotgan qaror, harakatlar (harakatsizlik) tufayli uning buzilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

4) arizachining fikriga koʻra, ustidan shikoyat qilinayotgan qarorning, harakatlarning (harakatsizlikning) qaysi qonunchilikka zid ekanligi;

(187-modda ikkinchi qismining 4-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

5) arizachining qarorni haqiqiy emas, harakatlarni (harakatsizlikni) qonunga xilof deb topish toʻgʻrisidagi talabi.

Arizaga (shikoyatga) ushbu Kodeksning 130-moddasida koʻrsatilgan hujjatlar, shuningdek ustidan shikoyat qilinayotgan qarorning matni ilova qilinadi.