Sugʻurta qilish, birgalikda sugʻurta qilish va qayta sugʻurta qilish xizmatlari boʻyicha sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari tomonidan amalga oshiriladigan sugʻurta qilish boʻyicha xizmatlar bu xizmatlar natijasida:

1) sugʻurta bozorining professional ishtirokchisi quyidagilarni olsa, qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi:

sugʻurta qilish, birgalikda sugʻurta qilish va qayta sugʻurta qilish shartnomalari boʻyicha sugʻurta mukofotlari;

qayta sugʻurta qilishga topshirilgan shartnomalar boʻyicha vositachilik haqi va tantyemalar;

sugʻurta agenti, sugʻurta va qayta sugʻurta brokeri, syurveyer hamda sugʻurta bozorining boshqa professional ishtirokchilarining xizmatlari uchun vositachilik haqi;

sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari (aktuariylar, ajasterlar, syurveyerlar, assistans xizmatlari va shu singarilar) koʻrsatgan xizmatlardan olinadigan daromadlar;

qonunchilikka muvofiq sugʻurtalovchiga oʻtgan, sugʻurta qildiruvchining (naf oluvchining) yetkazilgan zarar uchun javobgar shaxslardan talab qilish huquqini realizatsiya qilishdan olinadigan mablagʻlar;

(245-modda birinchi qismi 1-bandining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

qayta sugʻurta qilish shartnomalari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda, ular boʻyicha sugʻurta mukofotlarining qaytarib berilgan qismi summalari;

bevosita sugʻurta faoliyatini amalga oshirishdan olinadigan boshqa daromadlar;

2) sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) quyidagilarni olsa, qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi:

sugʻurta toʻlovi (sugʻurta tovoni);

preventiv tadbirlar oʻtkazish uchun beriladigan mablagʻlar;

sugʻurta qilish shartnomasi zararsiz amal qilishi uchun sugʻurtalovchi toʻlaydigan mablagʻlar;

sugʻurta qilish shartnomasiga muvofiq boshqa mablagʻlar.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda ushbu modda qoidalarining qoʻllanilish tartibi yuzasidan, ayrim aylanmalarni batafsillashtirgan holda, tushuntirishlar berishga haqli.