Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga nisbatan ushbu Kodeks 97¹-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan mezonlar asosida ragʻbatlantirish choralari qoʻllaniladi.
(102-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 15-fevraldagi OʻRQ-817-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2023-y., 03/23/817/0091-son)
Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga nisbatan quyidagi ragʻbatlantirish choralari qoʻllaniladi:
tashakkur eʼlon qilish;
ilgari qoʻllanilgan intizomiy jazoni muddatidan oldin olib tashlash;
yorliq, qimmatli sovgʻa yoki pul mukofoti bilan taqdirlash;
qoʻshimcha posilka, yoʻqlov yoki banderol olishga ruxsat etish;
qoʻshimcha uchrashuv yoki telefon orqali soʻzlashuv huquqini berish;
oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalar sotib olish uchun pul summasini koʻpaytirish;
yengillashtirilgan saqlash sharoitiga oʻtkazish, manzil-koloniyalarda saqlanayotgan shaxslar bundan mustasno.
Yengillashtirilgan saqlash sharoitiga oʻtkazish tariqasidagi ragʻbatlantirish mahkumlarga ushbu Kodeks 75-moddasining uchinchi qismiga muvofiq qoʻshimcha pul sarflash huquqini, shuningdek:
umumiy, qattiq tartibli koloniyalarda va tarbiya koloniyalarida ― yil mobaynida qoʻshimcha ravishda bir marta uchrashuv, bir marta telefon orqali soʻzlashuv, bitta posilka yoki yoʻqlov olish;
maxsus tartibli koloniyalarda ― kameralardan umumiy turar joylarga oʻtkazish hamda yil mobaynida qoʻshimcha ravishda bir marta qisqa muddatli uchrashuv, bir marta telefon orqali soʻzlashuv, bitta banderol olish;
turmalarda ― yil mobaynida qoʻshimcha ravishda bir marta qisqa muddatli uchrashuv, bitta posilka yoki yoʻqlov olish huquqini beradi.
(102-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 30-iyundagi OʻRQ-625-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2020-y., 03/20/625/1007-son)