Ayblov hukmining ham, oqlov hukmining ham qaror qismi, ushbu Kodeksning 468 va 470-moddalarida koʻrsatilgan masalalardan tashqari, quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
1) sudlanuvchini lavozimidan chetlashtirish tarzidagi protsessual majburlov chorasini bekor qilish toʻgʻrisida ushbu Kodeksning 255 — 260-moddalariga muvofiq qabul qilingan qaror; sudlanuvchining Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash tarzidagi protsessual majburlov chorasini bekor qilish toʻgʻrisida ushbu Kodeksning 254⁷ — 254¹¹-moddalariga muvofiq qabul qilingan qaror; qoʻzgʻatilgan fuqaroviy daʼvo yoki sudning tashabbusi bilan ziyonni qoplash toʻgʻrisida ushbu Kodeksning 283 — 289-moddalariga muvofiq qabul qilingan qaror;
(471-moddaning 1-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 15-avgustdagi OʻRQ-1081-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 03/25/1081/0738-son)
2) ashyoviy dalillar hamda ishga ilova qilingan boshqa narsalar va hujjatlar toʻgʻrisida ushbu Kodeksning 289-moddasiga muvofiq qabul qilingan qaror;
3) protsessual chiqimlar toʻgʻrisida ushbu Kodeksning 320-moddasiga muvofiq qabul qilingan qaror;
4) hukm ustidan apellyatsiya, kassatsiya shikoyati berish, protest bildirishning ushbu Kodeksning tegishincha 497³, 497⁴, 500 va 501-moddalarida nazarda tutilgan tartibi, muddatlari.
(471-moddaning 4-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2023 yil 27 sentabrdagi OʻRQ-869-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2023-y., 03/23/869/0730-son — 2024 yil 1 yanvardan kuchga kiradi)