Ishni koʻrish bilan bogʻliq boʻlgan chiqimlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga toʻlanishi lozim boʻlgan summalar;
2) joyida koʻzdan kechirish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar;
3) ushbu Kodeksning 165-moddasida nazarda tutilgan hollarda javobgarni qidirish uchun qilingan xarajatlar;
3¹) sud xabarnomalarini va sud hujjatlarini yuborish bilan bogʻliq pochta xarajatlari;
(132-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 11-oktabrdagi OʻRQ-496-sonli Qonuniga asosan 3¹-band bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2018-y., 03/18/496/2043-son)
4) sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar;
5) sud tomonidan tan olingan boshqa zarur xarajatlar.
Pochta xarajatlarining summasi sud tomonidan belgilanadi, biroq bu summa bazaviy hisoblash miqdorining oʻndan bir qismidan oshmasligi kerak va sudning depozit hisobvaragʻiga kiritilishi lozim.
(132-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
Sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar summasi sud tomonidan belgilanadi va ishda ishtirok etuvchi shaxslardan ishni koʻrish natijalariga koʻra ushbu Kodeksga muvofiq undiriladi.