Kassatsiya shikoyatida (protestida) quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
1) shikoyat (protest) yoʻllanayotgan kassatsiya instansiyasi sudining nomi;
2) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi), uning yashash joyi yoki joylashgan yeri (pochta manzili);
3) ishning raqami, shikoyat qilinayotgan (protest keltirilayotgan) hal qiluv qarori, ajrim, qaror qabul qilingan sana va ushbu sud hujjatini qabul qilgan sud;
(406-modda birinchi qismining 3-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-887-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2023-y., 03/23/887/0972-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
4) hal qiluv qarorining, ajrimning, qarorning notoʻgʻriligi nimadan iborat ekanligi;
5) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning iltimosi;
6) shikoyatga (protestga) ilova qilingan yozma materiallarning roʻyxati.
Kassatsiya shikoyatini shikoyat berayotgan shaxs yoki uning vakili imzolaydi.
Kassatsiya protesti protest keltirgan prokuror yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolangan boʻlishi kerak.
(406-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 30-sentabrdagi OʻRQ-968-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2024-y., 03/24/968/0760-son)
Kassatsiya shikoyatida (protestida) shikoyatni (protestni) bergan shaxsning yoxud uning vakilining telefonlari va fakslari raqamlari, elektron pochta manzili koʻrsatilishi mumkin.