Yuridik shaxs oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradi.
Mulkdor tomonidan moliyaviy taʼminlanadigan muassasa oʻz majburiyatlari boʻyicha ushbu Kodeks 76-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan tartibda va shartlar asosida javob beradi.
(48-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Yuridik shaxsning muassisi (ishtirokchisi) yoki uning mol-mulkining mulkdori yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxs, shuningdek qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxs yuridik shaxsning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, yuridik shaxs esa muassisning (ishtirokchining) yoki mulkdorning yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxsning yoki qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxsning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, bundan ushbu Kodeksda yoki yuridik shaxsning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
(48-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 21-fevraldagi OʻRQ-911-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2024-y., 03/24/911/0142-son)
Agar yuridik shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi shu yuridik shaxs uchun majburiy koʻrsatmalarni berish huquqiga ega boʻlgan muassis (ishtirokchi) sifatidagi shaxsning yoki yuridik shaxs mol-mulki mulkdorining yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxsning yoki qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxsning gʻayriqonuniy harakatlari tufayli vujudga keltirilgan boʻlsa, yuridik shaxsning mol-mulki yetarli boʻlmagan taqdirda bunday shaxs zimmasiga qonunga muvofiq uning majburiyatlari boʻyicha subsidiar javobgarlik yuklatilishi mumkin.
(48-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 21-fevraldagi OʻRQ-911-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2024-y., 03/24/911/0142-son)
Muassis (ishtirokchi) yoki yuridik shaxs mol-mulkining mulkdori shu yuridik shaxsning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan taqdirdagina majburiy koʻrsatmalar berish huquqiga ega.
Yuridik shaxs uchun majburiy koʻrsatmalar berish huquqiga ega boʻlgan muassis (ishtirokchi) yoki mulkdor yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxs yoki qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxs yuridik shaxsning muayyan harakatni amalga oshirishi oqibatida toʻlovga qobiliyatsiz boʻlib qolishini oldindan bilib, oʻz huquqidan uning shunday harakatni amalga oshirishini koʻzlab foydalangan holdagina yuridik shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi ular tomonidan vujudga keltirilgan deb hisoblanadi.
(48-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 21-fevraldagi OʻRQ-911-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2024-y., 03/24/911/0142-son)