Yuridik shaxsni tugatish uning huquq va burchlari huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxsga oʻtmasdan bekor qilinishiga olib keladi.
Yuridik shaxs quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:
uning muassislari (ishtirokchilari)ning yoki taʼsis hujjatlari bilan tugatishga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qaroriga muvofiq, shu jumladan yuridik shaxsning amal qilish muddati tugashi, uni tashkil etishdan koʻzlangan maqsadga erishilganligi munosabati bilan yoki yuridik shaxsni tashkil qilish chogʻida qonunchilik buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi sababli, agar bu buzilishlarni bartaraf etib boʻlmasa, sud yuridik shaxsni roʻyxatdan oʻtkazishni haqiqiy emas deb topganida;
(53-modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
faoliyat litsenziyasiz, faoliyat (harakatlar) ruxsatnomasiz yoxud vakolatli organni xabardor qilmasdan amalga oshirilgan yoki qonunda taqiqlangan faoliyat amalga oshirilgan taqdirda, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa hollarda sudning qaroriga koʻra.
(53-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi OʻRQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmaganligi sababli belgilangan tartibda davlat soliq organining taqdimnomasiga asosan harakatsiz rejimga oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran bir yil ichida oʻz faoliyatini tiklamagan taqdirda, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning qaroriga koʻra, bundan nodavlat notijorat tashkilotlari mustasno.
(53-modda ikkinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1104-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1104/1213-son)
Sudning yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisidagi qarorida uning muassislari (ishtirokchilari) yoxud yuridik shaxsning taʼsis hujjatlari bilan uni tugatishga vakil qilingan organ zimmasiga yuridik shaxsni tugatishni amalga oshirish vazifasi yuklatilishi mumkin.