Apellyatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha qaror qabul qiladi, qaror ishni koʻrgan sudyalar tomonidan imzolanadi.

Apellyatsiya instansiyasi sudining qarorida quyidagilar koʻrsatiladi:

1) apellyatsiya instansiyasi sudining nomi, qarorni qabul qilgan sud tarkibi, sud majlisi kotibi;

2) ishning raqami, qaror qabul qilingan sana va joy;

3) apellyatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), uning protsessual holati;

4) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, shuningdek ular vakillarining va sud protsessi boshqa ishtirokchilarining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);

5) talab predmeti;

6) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori qabul qilingan sana, uni qabul qilgan sudyaning familiyasi, ism-sharifining bosh harflari;

7) ish boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarori mazmunining qisqacha bayoni;

8) apellyatsiya shikoyatida (protestida) keltirilgan hal qiluv qarorining qonuniyligini va asosliligini tekshirish toʻgʻrisida talab bildirilishiga doir asoslar;

9) apellyatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan yozma fikrda bayon qilingan vajlar;

10) ishda ishtirok etuvchi va sud majlisida hozir boʻlgan shaxslarning tushuntirishlari;

11) apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan aniqlangan ish holatlari; sudning ushbu holatlar toʻgʻrisidagi xulosalari uchun asos boʻlgan dalillar; sud qarorni qabul qilishda amal qilgan qonunlar hamda boshqa qonunchilik hujjatlari; sudning u yoki bu dalillarni rad etishiga va ishda ishtirok etuvchi shaxslar havola qilgan qonunlarni va boshqa qonunchilik hujjatlarini qoʻllamaganligiga doir sabablar;

(221-modda ikkinchi qismining 11-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

12) agar birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori toʻliq yoki qisman bekor qilingan yoxud oʻzgartirilgan boʻlsa, apellyatsiya instansiyasi sudi uning xulosalariga qoʻshilmaganligining sabablari;

(221-modda ikkinchi qismining 13-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-889-sonli Qonuniga asosan 2024-yil 1-yanvardan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2023-y., 03/23/889/0978-son)

14) apellyatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari toʻgʻrisidagi xulosalar.

Apellyatsiya instansiyasi sudining qarorida ishda ishtirok etuvchi shaxslar oʻrtasida sud xarajatlarining taqsimlanishi koʻrsatiladi.

(221-moddanig toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-889-sonli Qonuniga asosan 2024-yil 1-yanvardan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2023-y., 03/23/889/0978-son)

Apellyatsiya instansiyasi sudi qarorining koʻchirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga u qabul qilingan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay, ushbu Kodeksning 161-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.

Apellyatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.