Kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha qaror qabul qiladi, qaror ishni koʻrgan sudyalar tomonidan imzolanadi.

Kassatsiya instansiyasi sudining qarorida quyidagilar koʻrsatiladi:

1) kassatsiya instansiyasi sudining nomi, qarorni qabul qilgan sud tarkibi, sud majlisining kotibi;

2) ishning raqami, qaror qabul qilingan sana va joy;

3) kassatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), uning protsessual holati;

4) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, shuningdek ular vakillarining va sud protsessining boshqa ishtirokchilarining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);

5) talab predmeti;

6) hal qiluv qarori qabul qilingan sana, uni qabul qilgan sudyalarning familiyasi, ism-sharifining bosh harflari;

7) ish boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarori mazmunining qisqacha bayoni;

8) kassatsiya shikoyatida (protestida) keltirilgan hal qiluv qarorining qonuniyligi va asosliligini tekshirish toʻgʻrisida talab arz qilinishiga sabab boʻlgan asoslar;

9) kassatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan yozma fikrda bayon qilingan vajlar;

10) ishda ishtirok etuvchi va sud majlisida hozir boʻlgan shaxslarning tushuntirishlari;

11) kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan aniqlangan ish holatlari; sudning ushbu holatlar toʻgʻrisidagi xulosalari uchun asos boʻlgan dalillar; sud qaror qabul qilishda amal qilgan qonunlar va boshqa qonunchilik hujjatlari; sudning u yoki bu dalillarni rad etishiga hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslar havola qilgan qonunlar va boshqa qonunchilik hujjatlarini qoʻllamaganligiga doir sabablar;

(245-modda ikkinchi qismining 11-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

12) agar birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori toʻliq yoki qisman bekor qilingan boʻlsa, uning xulosalariga kassatsiya instansiyasi sudi qoʻshilmaganligining sabablari;

13) kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha xulosalar.

(245-modda ikkinchi qismining 14-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-889-sonli Qonuniga asosan 2024-yil 1-yanvardan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2023-y., 03/23/889/0978-son)

Kassatsiya instansiyasi sudining qarorida ishda ishtirok etuvchi shaxslar oʻrtasida sud xarajatlarining taqsimlanishi koʻrsatiladi.

(245-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-889-sonli Qonuniga asosan 2024-yil 1-yanvardan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2023-y., 03/23/889/0978-son)

Kassatsiya instansiyasi sudi qarorining koʻchirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga u qabul qilingan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay, ushbu Kodeksning 161-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.

Kassatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.

(246-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-889-sonli Qonuniga asosan 2024-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2023-y., 03/23/889/0978-son)