Turli yerlarda joylashgan bir nechta javobgarga nisbatan ariza (shikoyat) arizachining tanlovi boʻyicha javobgarlardan biri joylashgan yerdagi sudga taqdim etiladi.

Ushbu Kodeksning 32-moddasida belgilangan sudlovga tegishlilik arizachining eksterritorial sudlovga tegishlilikni tanlash haqidagi iltimosnomasiga koʻra oʻzgartirilishi mumkin. Bunday iltimosnoma mavjud boʻlgan taqdirda, ariza (shikoyat) ushbu Kodeksning 32-moddasida yoki mazkur moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan sudga taqdim etiladi. Ishni koʻradigan sudni aniqlash avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ushbu Kodeksning 32-moddasida va mazkur moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan sudning tanlanishi istisno etiladigan tartibda amalga oshiriladi.

(33-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 14-avgustdagi OʻRQ-1165-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qismi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2026-y., 03/26/1165/0841-son)

Yirik investor boʻlmagan investorning investitsiya faoliyati bilan bogʻliq daʼvo arizalari (shikoyatlari) javobgar joylashgan yerdagi tumanlararo maʼmuriy sudga yoki Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlariga taqdim etilishi mumkin.

Yirik investorning investitsiya faoliyati bilan bogʻliq daʼvo arizalari (shikoyatlari), shuningdek tovar va moliya bozorlaridagi raqobat sohasidagi munosabatlardan kelib chiqadigan daʼvo arizalari tumanlararo maʼmuriy sudga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga taqdim etilishi mumkin.

(33-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi OʻRQ-662-sonli Qonuniga asosan ikkinchi va uchinchi qismlar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/662/0012-son)