Bolani farzandlikka olish uchun farzandlikka olinayotgan bola ota-onasining roziligi talab etiladi.

Ota-ona bolaning muayyan bir shaxs (shaxslar) tomonidan farzandlikka olinishiga rozilik berishlari yoki farzandlikka berishga rozilik bildirib, farzandlikka oluvchilarni tanlash ixtiyorini vasiylik va homiylik organiga havola qilishlari mumkin.

Ota-onaning bolaning farzandlikka olinishiga roziligi notarial tasdiqlangan yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bola joylashgan muassasa rahbari tomonidan yoki farzandlikka olish amalga oshirilayotgan joydagi yoxud ota-ona doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan joydagi vasiylik va homiylik organi tomonidan tasdiqlangan arizada bayon etilgan boʻlishi kerak, shuningdek farzandlikka olish toʻgʻrisida ish yuritilayotganda bevosita sudda bayon etilishi mumkin.

(159-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 14-martdagi OʻRQ-759-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.03.2022-y., 03/22/759/0213-son)

Sud tomonidan farzandlikka olish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori chiqarilguniga qadar ota-ona bolaning farzandlikka olinishiga bergan roziligini qaytarib olishga haqli.

(159-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 30-apreldagi OʻRQ-352-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 18-son, 233-modda)