Garovga oluvchi garov bilan taʼminlangan majburiyatni quyidagi hollarda muddatidan ilgari bajarishni talab qilishga haqli:

1) agar garov narsasi garovga qoʻyuvchida qoldirilgan boʻlib, garov toʻgʻrisidagi shartnoma buzilgan holda uning egaligidan chiqqan boʻlsa;

2) garovga qoʻyuvchi garov narsasini almashtirish qoidalarini buzgan boʻlsa (ushbu Kodeksning 276-moddasi);

3) garov narsasi garovga oluvchi javob bermaydigan vaziyatlarda yoʻqolgan boʻlsa, agar garovga qoʻyuvchi ushbu Kodeks 276-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqdan foydalanmagan boʻlsa.

Garovga oluvchi quyidagi hollarda garov bilan taʼminlangan majburiyatni muddatidan ilgari bajarishni talab qilishga, agar uning talabi qondirilmasa, undiruvni garov narsasiga qaratishga haqli:

1) garovga qoʻyuvchi navbatdagi garov qoidasini buzgan boʻlsa (ushbu Kodeksning 273-moddasi);

2) garovga qoʻyuvchi garovga qoʻyilgan mol-mulkni saqlash va asrash yuzasidan ushbu Kodeks 274-moddasi birinchi qismining 1 va 2-bandlarida hamda ikkinchi qismida nazarda tutilgan burchlarni bajarmasa;

3) garovga qoʻyuvchi garovga qoʻyilgan mol-mulkni tasarruf etish qoidalarini buzsa (ushbu Kodeks 277-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlari);

4) boshqa kreditorlar tomonidan undiruv garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratilganda, shu jumladan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari majburiy ijro etilganda.

(282-modda ikkinchi qismining 4-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 22-oktabrdagi OʻRQ-572-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.10.2019-y., 03/19/572/3943-son)