Garov quyidagi hollarda bekor boʻladi:
1) garov bilan taʼminlangan majburiyat bekor boʻlganida;
2) ushbu Kodeks 274-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan asoslar boʻlganida garovga qoʻyuvchining talabi bilan;
3) garovga qoʻyilgan ashyo nobud boʻlganida yoki garovga qoʻyilgan huquq bekor boʻlganida, basharti garovga qoʻyuvchi ushbu Kodeks 276-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqdan foydalangan boʻlmasa;
4) garovga qoʻyilgan mol-mulk realizatsiya qilingan taqdirda, shuningdek uni realizatsiya qilish mumkin boʻlmagan taqdirda (ushbu Kodeksning 281-moddasi). Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma roʻyxatdan oʻtkazilgan reyestrda ipoteka tugatilganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan boʻlishi kerak;
(283-modda birinchi qismining 4-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 22-oktabrdagi OʻRQ-572-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.10.2019-y., 03/19/572/3943-son)
5) agar garovga oluvchi ushbu Kodeks 282-moddasi ikkinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan huquqdan foydalanmagan boʻlsa, bundan garovga qoʻyilgan mol-mulk realizatsiya qilinmaganligi va talablari garov bilan taʼminlanmagan kreditorlarning oʻz talablarini qanoatlantirish uchun mazkur mol-mulkni qabul qilishni rad etganligi hollari mustasno.
(283-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 22-sentabrdagi OʻRQ-260-sonli Qonuniga muvofiq 5-band bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2010-y., 38-son, 328-modda)
Garov bilan taʼminlangan majburiyat bajarilishi natijasida yoki garovga qoʻyuvchining talabi bilan garov bekor boʻlganida (ushbu Kodeks 274-moddasining uchinchi qismi) ixtiyorida garovga qoʻyilgan mol-mulk boʻlgan garovga oluvchi uni darhol garovga qoʻyuvchiga qaytarib berishi shart.