Kassatsiya instansiyasi sudi jinoyat ishini koʻrish natijalariga koʻra quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:

1) hukmni oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini (protestini) esa qanoatlantirmasdan qoldirish toʻgʻrisida;

2) ayblov hukmini bekor qilish va oqlov hukmini chiqarish haqida;

3) ayblov hukmini bekor qilish va yangi ayblov hukmini chiqarish toʻgʻrisida;

4) oqlov hukmini bekor qilish va ayblov hukmini chiqarish haqida;

5) hukmni bekor qilish va ishni tugatish toʻgʻrisida;

6) ushbu Kodeks 493-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, sudning ayblov hukmini bekor qilish va jinoyat ishini birinchi instansiya sudiga yuborish haqida;

7) hukmni oʻzgartirish toʻgʻrisida;

8) shikoyat (protest) qaytarib olingan hollarda, kassatsiya tartibida ish yuritishni tugatish haqida.

Ushbu modda birinchi qismining 1-bandida, 5 — 8-bandlarida nazarda tutilgan hollarda kassatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqaradi.

Ushbu modda birinchi qismining 2 — 4-bandlarida nazarda tutilgan hollarda kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya hukmini chiqaradi.

(509⁹-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2023 yil 27 sentabrdagi OʻRQ-869-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2023-y., 03/23/869/0730-son — 2024 yil 1 yanvardan kuchga kiradi)