Organ (mansabdor shaxs) maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqib, shu ish yuzasidan qaror chiqaradi.
Qarorda quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak: qaror chiqargan organning (mansabdor shaxsning) nomi; sud ishining raqami; ish koʻrib chiqilgan sana; ishi koʻrib chiqilayotgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shu jumladan huquqbuzar jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami; ishni koʻrib chiqish chogʻida aniqlangan holatlarning bayoni; mazkur maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normativ hujjat; ish yuzasidan qabul qilingan qaror; mavjud boʻlgan taqdirda — jabrlanuvchi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami yoki yuridik shaxsning soliq toʻlovchi identifikatsiya raqami, shuningdek qaror ustidan shikoyat berish muddati va tartibi.
(309-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 16-iyundagi OʻRQ-1069-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.06.2025-y., 03/25/1069/0510-son)
Ushbu Kodeksning 308¹-moddasida nazarda tutilgan hollarda qarorda huquqbuzarlikning kam ahamiyatliligi sababli huquqbuzarni maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish toʻgʻrisidagi yoki yengilroq maʼmuriy jazo chorasini qoʻllash haqidagi taqdimnomani qanoatlantirish yoki qanoatlantirishni rad etish haqidagi toʻxtam ham koʻrsatilishi kerak
(309-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 26-apreldagi OʻRQ-289-sonli Qonuniga muvofiq uchinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2011-y., 17-son, 168-modda)
Basharti maʼmuriy huquqbuzarlik uchun ushbu Kodeks 242-moddasining 1 va 3-bandlarida koʻrsatib oʻtilgan organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan maʼmuriy jazoni qoʻllanish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish paytida aybdordan yetkazilgan mulkiy zararni undirib olish masalasi ham hal etiladigan boʻlsa, ish yuzasidan chiqarilgan qarorda undirib olinishi lozim boʻlgan shu zararning miqdori, uni undirib olish muddati va tartibi koʻrsatiladi.
(309-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvardagi OʻRQ-365-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 45-modda)
Ish yuzasidan chiqarilgan qarorda olib qoʻyilgan ashyolar va hujjatlar, shuningdek ushlab turilgan transport vositalari toʻgʻrisidagi masala ham hal etilgan boʻlishi lozim.
Qaror majlisda ishtirok etayotgan kollegial organ aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror mansabdor shaxs tomonidan, organning qarori — majlisda raislik qiluvchi va kotib tomonidan imzolanadi.
Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qaror axborot tizimi orqali elektron hujjat tarzida chiqarilishi va ijro etish uchun yuborilishi mumkin.
(309-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuniga asosan sakkizinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son)
Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda jazo qoʻllanilganligi toʻgʻrisida maʼmuriy huquqbuzarlik haqidagi bayonnomaga tegishli yozuv yozib qoʻyiladi.
(309-moddaning toʻqqizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)