Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi ariza ushbu Kodeksning 128-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.

Arizada quyidagilar ham koʻrsatilishi kerak:

1) idoraviy normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organning nomi;

2) idoraviy normativ-huquqiy hujjatning nomi, raqami, qabul qilingan sanasi, eʼlon qilish manbai va u toʻgʻrisidagi boshqa maʼlumotlar;

3) arizachining fikriga koʻra, uning ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjat yoki uning ayrim qismlari bilan buzilayotgan huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari;

4) arizachining fikriga koʻra, idoraviy normativ-huquqiy hujjat yoki uning alohida qismlari nisbatan yuqori yuridik kuchga ega boʻlgan qaysi qonunchilik hujjatiga zid boʻlsa, oʻsha qonunchilik hujjatining nomi;

(180-modda ikkinchi qismining 4-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

5) arizachining idoraviy normativ-huquqiy hujjatni toʻliq yoki qisman haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi talabi.

Arizaga ushbu Kodeksning 130-moddasida koʻrsatilgan hujjatlar, shuningdek nizolashilayotgan normativ-huquqiy hujjatning matni ilova qilinadi.

Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida sudga ariza berilganligi nizolashilayotgan hujjatning yoki uning ayrim qoidalarining amal qilishini toʻxtatib turmaydi.