Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi ish sud tomonidan hayʼat tarkibida koʻriladi.

Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi ish nizolashilayotgan hujjatni qabul qilgan organ vakillarining majburiy ishtirokida koʻrib chiqiladi.

Sud idoraviy normativ-huquqiy hujjatni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi ishni koʻrishda uning toʻlaligicha yoki muayyan qismi nisbatan yuqori yuridik kuchga ega boʻlgan qonunchilik hujjatiga muvofiqligini, shuningdek nizolashilayotgan normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organning vakolatlarini hamda uning Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtganligini tekshiradi.

(181-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)