Foydani (daromadni) yoki soliq solinadigan boshqa obyektlarni qasddan yashirish, kamaytirib koʻrsatish, shuningdek soliqlarni yoki yigʻimlarni toʻlashdan qasddan boʻyin tovlash, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan yigirma besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma besh baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ancha miqdorda sodir etilgan boʻlsa, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravaridan ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Daromadlar toʻgʻrisida deklaratsiya taqdim etishdan boʻyin tovlash, deklaratsiyani oʻz vaqtida taqdim etmaslik yoki unda atayin notoʻgʻri maʼlumotlarni taqdim etish, —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Ushbu moddada nazarda tutilgan soliqlarni yoki yigʻimlarni toʻlashdan boʻyin tovlashning ancha miqdori — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan olti yuz baravarigacha boʻlgan miqdor hisoblanadi.

(174-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 17-apreldagi OʻRQ-1131-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 03/26/1131/0377-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 19-iyul)