Maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun kuyidagi maʼmuriy jazo choralari qoʻllanilishi mumkin:

1) maʼmuriy ogohlantirish;

2) jarima;

3) maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa boʻlgan ashyoni haqini toʻlash sharti bilan olib qoʻyish;

4) maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa boʻlgan ashyoni musodara qilish;

5) muayyan shaxsni unga berilgan maxsus huquqdan (transport vositasini boshqarish huquqidan, ov qilish huquqidan) mahrum etish;

6) haq toʻlanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish;

7) maʼmuriy qamoqqa olish;

8) chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan maʼmuriy tarzda chiqarib yuborish.

(23-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 4-fevraldagi OʻRQ-1116-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.02.2026-y., 03/26/1116/0110-son)

Ushbu modda birinchi qismining 1, 3 — 8-bandlarida sanab oʻtilgan maʼmuriy jazo choralari faqat Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanishi mumkin.

(23-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 4-fevraldagi OʻRQ-1116-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.02.2026-y., 03/26/1116/0110-son)

(23-modda uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 25-apreldagi OʻRQ-405-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 173-modda)