Maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa boʻlgan ashyoni haqini toʻlash sharti bilan olib qoʻyish shu ashyoni majburiy tarzda tortib olib, uni keyinchalik sotib yuborish hamda sotishdan tushgan pulni ashyoning sobiq egasiga tortib olingan ashyoni sotish xarajatlarini chegirib tashlagan holda topshirishdan iboratdir.

Oʻqotar ov qurolini, pnevmatik ov qurolini hamda uning oʻq-dorilarini haqini toʻlash sharti bilan olib qoʻyish asosiy tirikchilik manbai ovchilik boʻlgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilishi mumkin emas.

(26-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 31-maydagi OʻRQ-772-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2022-y., 03/22/772/0460-son — 2022-yil 2-sentabrdan kuchga kiradi)

Ashyoni haqini toʻlash sharti bilan olib qoʻyish chorasini qoʻllanish tartibi va tortib olinadigan ashyolarning turlari ushbu Kodeks va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlari bilan belgilab qoʻyiladi.

(26-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)