Chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan maʼmuriy tarzda chiqarib yuborish ularning Oʻzbekiston Respublikasiga kirish huquqi keyinchalik bir yildan uch yilgacha muddatga cheklangan holda, majburiy yoki nazorat ostida mustaqil ravishda chiqib ketishidan iborat. Maʼmuriy tarzda chiqarib yuborish jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi tomonidan qoʻllaniladi.
(29¹-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi OʻRQ-665-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/665/0015-son)
Chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan maʼmuriy tarzda chiqarib yuborish ushbu Kodeksning 51², 51⁸, 51⁹, 56, 57, 58-moddalarida, 61¹-moddasi birinchi qismida, 94, 165¹, 184², 184³, 189, 189¹, 201, 202¹-moddalarida, 224¹-moddasining uchinchi va toʻrtinchi qismlarida, 225-moddasi yettinchi va sakkizinchi qismlarida, 239, 240, 241-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilgan taqdirda qoʻllanilishi mumkin.
(29¹-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 15-fevraldagi OʻRQ-753-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2022-y., 03/22/753/0133-son)
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan maʼmuriy tartibda chiqarib yuborish Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosiga aliment toʻlash boʻyicha majburiyatlarga ega boʻlgan chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
(29¹-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 11-apreldagi OʻRQ-829-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.04.2023-y., 03/23/829/0208-son)