Ota-ona bolani qonunga asoslanmasdan ushlab turgan har qanday shaxsdan uning qaytarilishini talab qilishga haqli. Nizo chiqqan taqdirda, ota-ona oʻz huquqlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishga haqli. Bu talablarni koʻrishda sud bolani ota-onasiga qaytarish uning eng ustun manfaatlariga zid degan xulosaga kelsa, bolaning fikrini hisobga olgan holda ota-onaning daʼvosini rad qilishga haqli.
(78-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 1-iyuldagi OʻRQ-1156-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.07.2026-y., 03/26/1156/0670-son)
Agar sud ota-ona ham, bolani oʻz qaramogʻiga olgan shaxs ham bolaga lozim darajada tarbiya berishni hamda uni kamolotga yetkazishni taʼminlay olmaydilar, deb topsa, bolani vasiylik va homiylik organi qaramogʻiga olib beradi.