Bolalarni tarbiyalash bilan bogʻliq ishlarga doir sudning hal qiluv qarorlari qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ijrochisi tomonidan ijro qilinadi.

(89-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Agar ota-ona (bolani oʻz qaramogʻiga olgan boshqa shaxs) sudning hal qiluv qarori ijro etilishiga toʻsqinlik qilsa, unga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar qoʻllaniladi.

(89-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Bolani olish va uni boshqa shaxs (shaxslar)ga berish bilan bogʻliq sudning hal qiluv qarorlarini majburiy tartibda ijro etish albatta vasiylik va homiylik organining hamda bola tarbiyalashga berilayotgan shaxs ishtirokida, zarur hollarda esa, ichki ishlar organi vakili ishtirokida amalga oshirilishi lozim.

Sudning bolani olish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarorini bolaning eng ustun manfaatlariga zarar yetkazilmagan tarzda ijro etishning imkoni boʻlmaganda, bola sudning ajrimiga koʻra tarbiyalash muassasasiga, davolash muassasasiga, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasiga yoki shunga oʻxshash boshqa muassasaga vaqtincha joylashtirilishi mumkin.

(89-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 1-iyuldagi OʻRQ-1156-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.07.2026-y., 03/26/1156/0670-son)