Axborot tizimidan foydalanish maqsadida unga ruxsatsiz kirib olishda ifodalangan axborot va axborot tizimlaridan foydalanish qoidalarini buzish —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismidan bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

(155-modda birinchi qismining sanksiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)

Axborot tizimlarining ishini buzishga olib kelgan xuddi shunday huquqbuzarlik, xuddi shuningdek kirish cheklangan axborot tizimlarini axborot-hisoblash tarmoqlariga ulash chogʻida tegishli himoya choralarini koʻrmaganlik —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

(155-modda ikkinchi qismining sanksiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)

Yuridik va jismoniy shaxslarning axborot tizimlarini xalqaro axborot tarmoqlariga qonunga xilof ravishda ulash, bu tarmoqlarga tegishli himoya choralarini koʻrmasdan ulanish, xuddi shuningdek ulardan maʼlumotlarni qonunga xilof ravishda olish —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

(155-modda uchinchi qismining sanksiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)

Oʻzganing elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturi yoki maʼlumotlar bazasini oʻz nomidan chiqarish yoxud qonunga xilof ravishda undan nusxa olish yoki bunday asarlarni tarqatish —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

(155-modda toʻrtinchi qismining sanksiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)