Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasiga ushbu Kodeksning 70-moddasida (bundan yer qaʼridan foydalanishda ishlarni olib borish xavfsizligi qismi mustasno), 71-moddasida (bundan tabiatni muhofaza qilish qoidalari mustasno), 72-moddasida (yer osti suvlariga doir qismida), 74-moddasining toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar taalluqlidir.
(260¹-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 5-maydagi OʻRQ-1062-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2025-y., 03/25/1062/0410-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 6-avgust)
Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi nomidan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishga va jarima solish tariqasidagi maʼmuriy jazo choralarini qoʻllashga quyidagilar haqli:
inspeksiya boshligʻi va uning oʻrinbosari — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda;
mintaqaviy inspeksiyalar boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari — bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravarigacha miqdorda;
inspektorlar — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda.
Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining mansabdor shaxslari ushbu Kodeksning 70²-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklarni aniqlagan taqdirda, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzadi hamda ushbu Kodeksning 282-moddasida belgilangan tartibda sudga koʻrib chiqish uchun yuboradi.
(260¹-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 28-oktabrdagi OʻRQ-984-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2024-y., 03/24/984/0860-son)