Daraxtlarni, butalarni, boshqa oʻsimliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yoʻq qilish yoki boshqa joyga koʻchirib oʻtkazish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
(79-modda birinchi qismining sanksiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 29-fevraldagi OʻRQ-916-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2024-y., 03/24/916/0167-son)
Oʻz hududida binolarni, inshootlarni yoki boshqa obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish chogʻida belgilangan talablarni buzib, kimyoviy, biologik vositalarni qoʻllagan holda daraxtlarni, butalarni yoki boshqa oʻsimliklarni qasddan shikastlantirish, payhon qilish yoki yoʻq qilish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz besh baravaridan ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oltmish baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
(79-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 21-noyabrdagi OʻRQ-1004-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2024-y., 03/24/1004/0948-son)
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish, —
maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etish quroli boʻlgan ashyoni yoki maʼmuriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetmish besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.
(79-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 21-noyabrdagi OʻRQ-1004-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2024-y., 03/24/1004/0948-son)
Yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan yoki oʻzlariga biriktirilgan hududlarda daraxtlarni muhofaza qilish va saqlashga doir qonunchilikda belgilangan choralarni koʻrmaganlik, —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
(79-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-653-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2020-y., 03/20/653/1592-son)
Daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yoʻq qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
(79-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 29-fevraldagi OʻRQ-916-sonli Qonuniga asosan toʻrtinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2024-y., 03/24/916/0167-son)