(147-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-yanvardagi OʻRQ-900-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 03/24/900/0053-son — 2024-yil 21-iyuldan kuchga kiradi)

Yoʻllarga, temir yoʻldan oʻtish joylariga, yoʻl harakatini tartibga soluvchi boshqa inshootlar yoki texnik vositalarga shikast yetkazish, shuningdek yoʻl harakatiga qasddan, shu jumladan yoʻl qoplamasini ifloslantirish yoʻli bilan xalal berish, xuddi shuningdek avtomobil yoʻllarini oʻzboshimchalik bilan qazish, ularda sunʼiy notekisliklar va toʻsiqlar yaratish, shu jumladan yoʻl harakati ishtirokchilarining harakatiga toʻsqinlik qiluvchi noqonuniy toʻsiqlarni va boshqa qurilmalarni oʻrnatish, avtomobil yoʻlida ishlarni amalga oshirish uchun berilgan ruxsatnoma talablarini bajarmaslik, shu jumladan yoʻllarda qurilish-qazish ishlarini olib borgan shaxslar tomonidan belgilangan muddatlarda yoʻl infratuzilmasini oldingi holatiga keltirmaslik, shuningdek yoʻllarni saqlash qoidalarini buzish —

(147-modda birinchi qismining dispozitsiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 10-apreldagi OʻRQ-1055-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.04.2025-y., 03/25/1055/0330-son)

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida, mansabdor shaxslarga esa — yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

(147-modda birinchi qismining sanksiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-fevraldagi OʻRQ-1033-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.02.2025-y., 03/25/1033/0164-son)

Yoʻl belgilarini oʻrnatish, yoʻllarni, temir yoʻldan kesib oʻtish joylari va boshqa yoʻl inshootlarini harakat uchun xavfsiz holda saqlash qoidalarini buzish yoki taʼmirlash ishlari olib boriladigan yoʻl qismiga vaqtincha yoʻl belgilari, signallar va svetoforlar, toʻsuvchi va yoʻnaltiruvchi moslamalar oʻrnatmaslik, shuningdek qatnov qismiga vaqtincha yotiq chiziqlar chizmaslik yoxud yoʻlning ayrim qismlaridan foydalanish harakat xavfsizligiga tahdid etadigan paytda ularda harakatni oʻz vaqtida taqiqlash yoki cheklash choralarini koʻrmaslik, —

mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

(147-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-fevraldagi OʻRQ-1033-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.02.2025-y., 03/25/1033/0164-son)