Davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining xizmatchisiga mazkur xizmatchining oʻz xizmat mavqeyidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin boʻlgan muayyan harakatni uni pora evaziga oʻziga ogʻdirib olayotgan shaxs manfaatlarini koʻzlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish, —
bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
(193¹-moddaning sanksiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
Davlat ishtirokidagi tashkilot deganda:
ustav fondida davlat ulushi mavjud boʻlgan tijorat tashkiloti;
toʻliq yoki qisman davlat organi yoki davlat tashkiloti tomonidan tashkil etilgan yoki taʼsis etilgan notijorat tashkiloti tushuniladi.
Davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining xizmatchisi deganda mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi, mansabdor shaxs alomatlariga ega boʻlmagan shaxs tushuniladi.