Tovarlar va transport vositalarini Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali bojxona nazoratini chetlab, yaʼni bojxona organlari tomonidan belgilangan joylarni chetlab yoki bojxona rasmiylashtiruvining belgilangan vaqtidan tashqari paytda olib oʻtish, —

(227²¹-modda birinchi qismining dispozitsiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 31-oktabrdagi OʻRQ-577-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.11.2019-y., 03/19/577/3975-son — 2020-yil 2-fevraldan kuchga kiradi)

tovarlar va transport vositalarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

(227²¹-modda birinchi qismining sanksiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)

Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib oʻtilayotgan tovarlarni bojxona nazoratidan yashirish, yaʼni xufyadonlardan yoki tovarlarni topishni qiyinlashtiradigan boshqa usullardan foydalanish yoxud bir tovarni boshqa tovarga oʻxshash qilib qoʻyish, —

(227²¹-modda ikkinchi qismining dispozitsiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 31-oktabrdagi OʻRQ-577-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.11.2019-y., 03/19/577/3975-son — 2020-yil 2-fevraldan kuchga kiradi)

tovarlarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

(227²¹-modda ikkinchi qismining sanksiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)

Hujjatlardan yoki bojxona identifikatsiyalash vositalaridan aldov yoʻli bilan foydalangan holda Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib oʻtish, bundan ushbu Kodeksning 227²²-moddasida va 227²⁵-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno, —

(227²¹-modda uchinchi qismining dispozitsiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 31-oktabrdagi OʻRQ-577-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.11.2019-y., 03/19/577/3975-son — 2020-yil 2-fevraldan kuchga kiradi)

tovarlarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

(227²¹-modda uchinchi qismining sanksiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)