Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib oʻtilayotgan tovarlarni deklaratsiyalamaslik yoki notoʻgʻri deklaratsiyalash, yaʼni tovarlar, ularning bojxona rejimi va boshqalar haqida bojxona maqsadlari uchun zarur boʻlgan belgilangan yozma, ogʻzaki yoki boshqa shakldagi maʼlumotlarni bermaslik yoxud notoʻgʻri maʼlumotlar berish, ushbu Kodeksning 227⁷, 227¹⁰, 227¹⁹, 227²⁰, 227²¹-moddalarida va 227²⁵-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno, —

(227²²-modda birinchi qismining dispozitsiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 31-oktabrdagi OʻRQ-577-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.11.2019-y., 03/19/577/3975-son — 2020-yil 2-fevraldan kuchga kiradi)

tovarlarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

(227²²-modda birinchi qismining sanksiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)

Notoʻgʻri maʼlumotlarni koʻrsatish, bu maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib oʻtish, ularni talab etilayotgan bojxona rejimiga joylashtirish, bojxona toʻlovlari miqdori toʻgʻrisida bojxona organi tomonidan qaror qabul qilinishiga taʼsir etmagan boʻlsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

(227²²-modda ikkinchi qismining sanksiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 4-oktabrdagi OʻRQ-720-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.10.2021-y., 03/21/720/0930-son — 2022-yil 6-yanvardan kuchga kiradi)